Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4 | Muqaddas Kitobda amaliy maslahatlar bor

4 | Muqaddas Kitobda amaliy maslahatlar bor

MUQADDAS KITOBDA SHUNDAY DEYILGAN: «Muqaddas Yozuvlarning hammasi... foydalidir». (2 TIMO‘TIYGA 3:16)

Bu oyat nimani anglatadi?

Muqaddas Kitob tibbiy qo‘llanma bo‘lmasa ham, unda amaliy va foydali maslahatlar bor. Ular ruhiy salomatlik muammolari bilan kurashayotganlarga yordam berishi mumkin. Quyida bu maslahatlardan ba’zilari keltirilgan.

Bu oyatdagi prinsipni qanday qo‘llasa bo‘ladi?

«Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». (MATTO 9:12)

Muqaddas Kitobda aytilishicha, ba’zan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lishimiz mumkin. Ruhiy kasalligi bor ko‘plab odamlar muammosi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lib shifokorga murojaat qilishgan va bu tufayli ularning ahvoli ancha yengillashgan.

«Ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan ko‘ra, bir hovuch orom yaxshiroqdir». (VOIZ 4:6)

Sog‘lig‘ingizga yaxshi ta’sir qiladigan odatlarga vaqt va kuch sarflash ruhiy salomatligingizni yaxshilashga yordam berishi mumkin. Bunday odatlarga muntazam jismoniy mashqlar qilish, sog‘lom ovqatlanish va yetarlicha uxlash kiradi.

«Shod yurak shifobaxsh malhamdaydir, ezilgan ruh esa suyaklarni quritadi». (HIKMATLAR 17:22)

Muqaddas Kitobdagi daldali bayonotlarni o‘qish va oqilona, erishsa bo‘ladigan maqsadlar qo‘yish quvonchni yo‘qotmaslikka yordam berishi mumkin. Diqqatingizni ijobiy narsalarga qaratsangiz va kelajakda hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishiga ishonsangiz, bu sizga ruhiy salomatlik muammolari bilan kurashishga ko‘maklashadi.

«Kamtarlarga... donolik xosdir». (HIKMATLAR 11:2)

Ehtimol, siz istagan barcha narsani o‘zingiz qila olmayotgandirsiz, shunga boshqalarning yordamini bajonidil qabul qiling. Hoynahoy, do‘stlaringiz va oila a’zolaringiz sizga ko‘maklashishni istar. Lekin ular buni qanday qilishni bilmasligi mumkin. Shuning uchun sizga aynan qanday yordam kerakligini ularga ayting. Ulardan haddan tashqari ko‘p narsani kutmang va taqdim etayotgan ko‘magi uchun doim minnatdor bo‘ling.

Muqaddas Kitobdagi amaliy maslahatlarning foydasi

«Menga nimadir bo‘layotganini sezib, shifokorga murojaat qildim. U menga tashxis qo‘ydi. Bu menga aslida nima bo‘layotganini tushunishga va sog‘lig‘imga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilish uchun qanday tibbiy muolajalar borligini bilishga yordam berdi». (Bipolyar buzilishdan aziyat chekayotgan Nikol a)

«Shuni tushundimki, rafiqam bilan Muqaddas Kitobni muntazam o‘qish kunni ijobiy va daldali fikrlar bilan boshlashimga yordam beradi. Muammoyim bilan kurashish ayniqsa qiyin bo‘lgan paytlarda muayyan oyatlar menga tasalli beradi». (Depressiyadan aziyat chekayotgan Piter)

«Kasalim haqida boshqalarga aytish qiyin edi, chunki rosa uyalardim. Dugonam meni diqqat ila tinglardi va mehribonlik ila his-tuyg‘ularimni tushunishga harakat qilardi. Uning yordami bilan ahvolim ancha yaxshilandi va yolg‘iz emasligimni his qildim». (Ovqatlanishning buzilishi bilan kurashayotgan Ji-YU)

«Muqaddas Kitob ish va dam olishga nisbatan mulohazakor hamda muvozanatli bo‘lishimga yordam beryapti. Undagi dono maslahatlar meni qiynab kelayotgan hissiy muammolar bilan kurashishimga ko‘maklashyapti». (Obsessiv-kompulsiv buzilish bilan kurashayotgan Timoti)

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.