Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahudiylar Bobilga surgun qilingani haqidagi Muqaddas Kitob bayonoti aniqmi?

Yahudiylar Bobilga surgun qilingani haqidagi Muqaddas Kitob bayonoti aniqmi?

 Taxminan 2 600-yil avval yahudiylar majburan Bobilga olib ketilgan. U yerda ular deyarli 70-yil davomida surgunda yashashgan. Muqaddas Kitobda Xudo Bobilga surgun qilingan yahudiylarning hayoti qanday bo‘lishi haqida bashorat qilib, shunday degan: «Uylar qurib, ularda yashanglar. Bog‘lar yaratib, mevalarini yenglar. Uylanib, o‘g‘il-qizlar ko‘ringlar... Men sizlarni surgun qilgan shaharda tinchlik bo‘lishiga harakat qilinglar». (Yeremiyo 29:1, 4–7) Qiziq, yahudiylar chindan ham shunday umr kechirishganmi?

 Tadqiqotchilar, aftidan, qadimgi Bobil yoki uning atrofidan topilgan 100 dan oshiq loy lavhalarni o‘rganib chiqishdi. Ushbu lavhalardan aniqlanganidek, surgunda yashagan ko‘pgina yahudiylar Bobil boshqaruviga itoatkorona bo‘ysungan bo‘lishsa ham, o‘zlarining madaniy va diniy qadriyatlarini saqlab qolishgan. Miloddan avvalgi 572–477-yillarga oid lavhalarda ijara shartnomalari, savdo-sotiq bitimlari, qarz tilxatlari va boshqa moliyaviy hujjatlar bitilgan. Bir manbada aytilishicha, «mazkur hujjatlar qishloq sharoitlarida yashagan oddiy odamlarning hayotini tasavvur qilishga imkon beradi: ular yerga ishlov berishgan, uylar qurishgan, soliqlar to‘lashgan va shohning xizmatini qilishgan».

Yahudiylarning shahridan topilgan mixxat yozuvidagi lavha

 Qolaversa, ushbu muhim hujjatlar to‘plami Al-Yahudu (yoki yahudiylarning shahri) degan joyda yahudiylarning katta bir jamoasi mavjud bo‘lganini tasdiqlamoqda. Lavhalarda bir yahudiy oilaga mansub to‘rtta avlodning ismlari qayd etilib, ulardan ayrimlari ibroniycha harflar bilan yozilgan. Lavhalar topilishidan oldin ilohiyotshunoslar Bobilga surgun qilingan yahudiylarning hayoti to‘g‘risida juda kam ma’lumotga ega bo‘lishgan. Isroil tarixiy obidalar idorasining direktorlar kengashi a’zosi, falsafa doktori Filipp Vukosavovich shunday degan: «Ushbu lavhalar tufayli surgunda yashagan yahudiylarning hayoti, ismlari, qayerda va qachon yashashgani hamda nima bilan mashg‘ul bo‘lishgani to‘g‘risida ko‘proq bilib oldik».

Surgundagi yahudiylar Bobilda nisbiy erkinlikka ega bo‘lishgan

 Surgundagi yahudiylar qul yoki mahbusday yashamay, qayerda istiqomat qilish va nima bilan shug‘ullanishni tanlashda nisbiy erkinlikka ega bo‘lishgan. Vukosavovichning so‘zlariga ko‘ra, ular «nafaqat Al-Yahududa, balki o‘nlab boshqa shaharlarda ham yashashgan». Ulardan ba’zilari turli hunarlarni o‘rganishgan, bu esa ularga keyinchalik Quddusni tiklashda asqatgan. (Naximiyo 3:8, 31, 32) Al-Yahudu lavhalari surgunlik davri o‘z nihoyasiga yetganida ham ko‘p yahudiylar Bobilda qolishga qaror qilishganini isbotlamoqda. Bu, Xudoning Kalomida aytib o‘tilganidek, ular chindan ham Bobilda deyarli tinch-totuv umr kechirishganini ko‘rsatyapti.