Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Yog‘ochxo‘r chumoli mo‘ylovlarining tozalanishi

Yog‘ochxo‘r chumoli mo‘ylovlarining tozalanishi

Agar hasharot uchmoqchi, tirmashib chiqmoqchi va atrofidagi narsalarni sezmoqchi bo‘lsa, u toza bo‘lishi muhimdir. Masalan, chumolining mo‘ylovlari kir bo‘lsa, uning yo‘nalishni topish, boshqa chumolilar bilan aloqa qilish va hid sezish qobiliyati susayadi. Shu bois: «Hech qachon kir hasharotni uchratmaysiz,— deb aytdi zoolog Aleksandr Xekmen,— Ular tanasidagi kirdan qanday qutulishni biladi».

O‘ylab ko‘ring. Xekmen va uning hamkorlari qay yo‘sin yog‘ochxo‘r chumolilar (Samponotus rufifemur) mo‘ylovlarini tozalashini o‘rganib chiqishdi. Ularning tadqiqotlariga ko‘ra, chumoli old oyog‘ini qisqich shaklida bukib, har bir mo‘ylovini o‘sha qisqichdan o‘tkazadi va shu yo‘sin turli hajmdagi zarrachalarni irg‘itib tashlaydi. Qisqich cho‘tkaga o‘xshagani sabab, katta zarrachalarni ham olib tashlaydi. Maydaroq kir zarrachalari esa, kengligi chumolining mo‘ylovi ustidagi soch tolasiday bo‘lgan mayda cho‘tkalar yordamida irg‘itib tashlanadi. Eng mayda zarrachalar esa ingichkaligi inson soch tolasining 1/80 diametriga teng bo‘lgan mittiroq cho‘tka tuklari yordamida tozalanadi.

Yog‘ochxo‘r chumoli mo‘ylovlarini qanday tozalashini tomosha qiling

Xekmen va hamkorlarining aytishicha, yog‘ochxo‘r chumolilar mo‘ylovlarini tozalash tizimiga sanoat sohasida taqlid qilish mumkin. Misol uchun, nozik hisoblangan mikroelektron detallarni va yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarishda xuddi shunday tozalash usulidan foydalansa bo‘ladi.

Nima deb o‘ylaysiz? Yog‘ochxo‘r chumoli mo‘ylovlarini shu yo‘sinda tozalashi evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?