Asosiy materiallarga o‘tish

Pandemiyalar haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

Pandemiyalar haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda o‘latlar (keng tarqalgan kasalliklar, jumladan pandemiyalar) oxirzamon paytida yuz berishi bashorat qilingan. (Luqo 21:11) Bunday pandemiyalar Allohning qahri yoki jazosi emas. Darhaqiqat, yaqinda Xudo O‘z Shohligi orqali barcha sog‘lik muammolariga, jumladan pandemiyalarga ham chek qo‘yadi.

 Muqaddas Kitobda pandemiyalar bashorat qilinganmi?

 Muqaddas Kitobda COVID-19, OITS, sil, bezgak yoki ispan grippi kabi muayyan pandemiya yoki kasallik haqida aytilmagan. Lekin «o‘latlar» va o‘lim karomat qilingan. (Luqo 21:11; Vahiy 6:8) Ushbu hodisalar «oxirzamon», shuningdek, zamon oxirlab borayotganining bir belgisi. (2 Timo‘tiyga 3:1; Matto 24:3)

 Xudo odamlarni kasallik bilan qachonlardir jazolaganmi?

 Muqaddas Kitobda Xudo odamlarni kasallik bilan jazolagani haqida bir nechta voqea qalamga olingan. Masalan, U ba’zilarni moxov kasalligiga yo‘liqtirgan, chunki ular Uning boshqaruviga qarshi chiqishgan. (Sahroda 12:1–16; 4 Shohlar 5:20–27; 2 Solnomalar 26:16–21) Ammo bu bir nechta voqea bo‘lgan, xolos. Pandemiyalar keng ommaga oid, ulardan begunoh, aybsiz insonlar azob chekadi.

 Bugungi pandemiyalar Allohning jazosimi?

 Yo‘q. Ayrimlar Xudo pandemiya va boshqa har xil kasalliklar orqali odamlarni jazolayapti, deb ayblashmoqda. Biroq Muqaddas Kitobga binoan, bu noto‘g‘ri fikr. Nega deysizmi?

 Masalan, Xudoning ayrim xizmatchilari, ham o‘tmishda kasal bo‘lgan, ham hozir kasal bo‘lib turishadi. Misol uchun, Xudoning sodiq xizmatchisi Timo‘tiy «tez-tez yuz beradigan kasalliklarga» duch kelgan. (1 Timo‘tiyga 5:23) Lekin Muqaddas Kitobda bu, u Tangrining qahrini keltirgani uchun bo‘lgan deb yozilmagan. Bugun ham, Xudoning ayrim xizmatchilari kasal bo‘lyapti yoki o‘latga uchrayapti. Lekin buning sababi Alloh emas, gohida bunday insonlar shunchaki tasodifan bunga yo‘liqadi. (Voiz 9:11)

 Biroq Muqaddas Kitobga ko‘ra, Alloh yovuz insonlarni jazolaydigan payt hali kelmagan. Aksincha, biz «najot kuni»da yashayapmiz, ya’ni Xudo barcha insonlarni Unga yaqinlashib, omon qolishga mehr ila chorlayotgan pallada yashayapmiz. (2 Korinfliklarga 6:2) Masalan, U «Shohlik haqidagi xushxabar»ni butun dunyo bo‘ylab va’z qilish faoliyati orqali bu chorlovni yanada kengaytirmoqda. (Matto 24:14)

 Pandemiyalarning oxiri bormi?

 Ha. Muqaddas Kitobda hech bir inson kasal bo‘lmaydigan payt juda yaqin ekani bashorat qilingan. O‘zining Shohligi orqali Alloh barcha sog‘lik muammolariga yakun yasaydi. (Ishayo 33:24; 35:5, 6) U azob, og‘riq va o‘limni yo‘qqa chiqaradi. (Vahiy 21:4) Qolaversa, Xudo o‘lganlarni hayotga qaytaradi. Shunda, ular mukammal sharoitlarda sog‘lom bo‘lib bu yer yuzida maza qilib yashaydi. (Zabur 37:29; Havoriylar 24:15)

 Kasalliklar haqidagi oyatlar

 Matto 4:23: «Iso butun Jalilani aylanib, o‘sha yerdagi ibodatxonalarda ta’lim berar, Shohlik haqidagi xushxabarni e’lon etar va odamlarning har turli xastalik va darmonsizliklarini davolardi».

 Ma’nosi. Iso Masih yer yuzida qilgan mo‘jizalar Xudoning Shohligi yaqinda keng miqyosda qiladigan narsalarni ko‘rsamoqda.

 Luqo 21:11: «O‘latlar bo‘ladi».

 Ma’nosi. Keng tarqalgan sog‘lik muammolari oxirzamonda yashayotganimizning bir belgisi.

 Vahiy 6:8: «Rangida rang qolmagan bir otni ko‘rdim. Chavandozining nomi O‘lim edi. Mozor ham uning orqasidan ergashib kelayotgandi... o‘ldirish uchun unga... hokimiyat berildi».

 Ma’nosi. To‘rtta chavandoz to‘g‘risidagi bashoratdan pandemiyalar bizning davrimizda yuz berishini bilib olyapmiz.