Asosiy materiallarga o‘tish

Ota-onani hurmat qilish nimani o‘z ichiga oladi?

Ota-onani hurmat qilish nimani o‘z ichiga oladi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda: «Ota-onangizni hurmat qilinglar»,— degan amr ko‘p marotaba uchraydi. (Chiqish 20:12; Qonunlar 5:16; Matto 15:4; Efesliklarga 6:2, 3) Bunga asosan to‘rtta narsa kiradi.

  1.   Ularni qadrlang. Ota-onangiz sizga qilgan barcha narsa uchun minnatdor bo‘lsangiz, demak, ularni hurmat qilasiz. Pand-nasihatlariga quloq solib ularni qadrlayotganingizni ko‘rsata olasiz. (Hikmatlar 7:1, 2; 23:26) Muqaddas Kitob ota-onangizni «sharafingiz» deb bilishga, ya’ni ular bilan faxrlanishga undamoqda. (Hikmatlar 17:6)

  2.   Ularning hokimiyatini tan oling. Ayniqsa yosh paytingizda Xudo ota-onangizga bergan hokimiyatni tan olsangiz, ularni hurmat qilayotganingizni ko‘rsatasiz. Kolosaliklarga 3:20 da bolalarga shunday maslahat berilgan: «Har narsada ota-onangizga quloq solinglar, chunki bu Hazratimizga ma’qul keladi». Hatto mukammal bo‘lib tug‘ilgan Iso payg‘ambar ham ota-onasi nomukammal bo‘lishganiga qaramay, ularga tayyorlik ila bo‘ysungan. (Luqo 2:51)

  3.   Ularni hurmat qiling. (Levilar 19:3; Ibroniylarga 12:9) Ko‘pincha bunga nima haqda gapirishingiz va buni qay ohangda aytishingiz kiradi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, ota-onalarning qilgan ishlari tufayli ularni hurmat qilish oson kechmaydi. Ammo shunda ham bolalar so‘zlari-yu ishlarida ota-onasiga nisbatan hurmatsizlik qilishdan qochishlari kerak. (Hikmatlar 30:17) Muqaddas Kitobga ko‘ra, ota-onasini haqorat qilish jiddiy gunoh hisoblanadi. (Matto 15:4)

  4.   Ularga g‘amxo‘rlik qiling. Ota-onangiz keksayib qolishganida amaliy yordamga muhtoj bo‘lishlari mumkin. Qo‘lingizdan kelgancha ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilib, ularni hurmat qilayotganingizni ko‘rsatasiz. (1 Timo‘tiyga 5:4, 8) Masalan, o‘limidan sal oldin Iso payg‘ambar onasiga g‘amxo‘rlik qilishni shogirdi Yuhannoga topshirgan edi. (Yuhanno 19:25–27)

Ota-onani hurmat qilish borasidagi noto‘g‘ri fikrlar.

 Noto‘g‘ri fikr: Ota-onangizni hurmat qilsangiz, ular nikohdagi munosabatlaringizga aralashishiga yo‘l qo‘yishingiz kerak.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobga ko‘ra, nikoh rishtalari boshqa qarindoshlik rishtalaridan ustun turadi. Ibtido 2:24 da: «Erkak kishi o‘z ota-onasini qoldirib, xotiniga bog‘lanib qoladi»,— deb aytilgan. (Matto 19:4, 5) Albatta, ota-onasi hamda qaynana-qaynatasining maslahatlariga quloq solish turmush o‘rtoqlarga foyda keltirishi mumkin. (Hikmatlar 23:22) Biroq turmush qurgan juftlik qarindoshlari nikohiga aralashishiga muayyan cheklovlar qo‘yishga qaror qilishga haqli. (Matto 19:6)

 Noto‘g‘ri fikr: Ota-onangiz mutlaq hokimiyatga ega.

 To‘g‘ri fikr: Xudo oilada ota-onalarga muayyan hokimiyatni topshirgan bo‘lsa-da, insonlar ega bo‘lgan har qanday hokimiyat chegaralangan, ya’ni u hech qachon Xudoning hokimiyatidan ustun bo‘lmaydi. Masalan, Oliy Kengash Isoning izdoshlariga Xudoga itoatsizlik qilishni buyurganida, ular shunday deyishgan: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak». (Havoriylar 5:27–29) Shu singari, bolalar ota-onalariga «Rabbimizning irodasiga muvofiq tarzda», ya’ni Allohning qonunlariga zid bo‘lmagan barcha narsada quloq solishadi. (Efesliklarga 6:1)

 Noto‘g‘ri fikr: Ota-onangizni hurmat qilish, ularning e’tiqodini qabul qilasiz degani.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitob bizni o‘rganayotgan narsamiz haqiqatmi yoki yo‘qmi deb tekshirib ko‘rishga undamoqda. (Havoriylar 17:11; 1 Yuhanno 4:1) Bunday qilgan inson ota-onasining e’tiqodini tanlamasligi ham mumkin. Masalan, Muqaddas Kitobda tilga olingan Xudoning sadoqatli xizmatchilari bo‘lmish Ibrohim, Rut va havoriy Pavlus kabi ko‘plab kishilar ota-onasining diniga ergashmagan. (Yoshua 24:2, 14, 15; Rut 1:15, 16; Galatiyaliklarga 1:14–16, 22–24)

 Noto‘g‘ri fikr: Ota-onangizni hurmat qilsangiz, ajdodlarning ruhiga sig‘inish bilan bog‘liq urf-odatlarda qatnashasiz.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et». (Luqo 4:8) Ajdodlar ruhiga sig‘inadigan inson Xudoga ma’qul kelmaydi. Bundan tashqari Muqaddas Kitobda: «O‘lganlar hech narsani bilmaydi»,— deyilgan. O‘lganlar ularga ko‘rsatilgan hurmatdan butunlay bexabar. Ular tiriklarga na yordam bera oladi, na ziyon yetkaza oladi. (Voiz 9:5, 10; Ishayo 8:19)