Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Endi zo‘ravonlikning quli emasman»

«Endi zo‘ravonlikning quli emasman»
  • Tug‘ilgan yili: 1956

  • Mamlakati: Kanada

  • O‘tmishda: umidlari puchga chiqqan, axloqsiz va zo‘ravon

OLDINLARI

Men Albertaning (Kanada) Kalgari shahrida tug‘ilganman. Chaqaloqligimda ota-onam ajrashdi va onam men bilan buvam va buvimnikiga ko‘chdi. Ular onam bilan meni rosa yaxshi ko‘rardi va bolaligim baxtiyor o‘tgan. O‘sha tinch bolalik yillarimni haligacha zavq ila eslayman.

Yetti yoshimda onam otam bilan qayta turmush qurdi va biz Sent-Luisga (Missuri, Qo‘shma Shtatlar) ko‘chdik. O‘shanda hayotim yomon tarafga o‘zgardi. Ko‘p o‘tmay otam juda beshafqat ekanini angladim. Masalan, yangi maktabimga birinchi kuni borib-kelganimda, otam u yerda meni urishgani va javob qaytarmaganimdan xabar topdi. Uning g‘azabi qaynadi va meni maktabdagi bolalardan ham qattiqroq urdi. Bundan qo‘shtirnoq ichida saboq oldim va atigi yetti yoshimda bolalar bilan yoqalashishni boshladim.

Otamning yomon tabiati onamning jahlini chiqarardi va uyimizda tez-tez janjal bo‘lardi. 11 yoshimdan giyohvand moddalarini va spirtli ichimliklarni iste’mol qiladigan bo‘ldim. Tobora jahldor bo‘lib borardim va ko‘pincha ko‘chadagi odamlar bilan mushtlashardim. Maktabni bitiradigan paytga kelib, zo‘ravon tabiatim meni butunlayin o‘zgartirib yubordi.

18 yoshimda AQSH Harbiy-dengiz flotida xizmat qila boshladim. Bu yerda olgan ta’limim zo‘ravonligimni oshirganidan odam o‘ldirishni ham o‘rgandim. Besh yil o‘tgach, harbiy xizmatdan ketdim va Federal tergov byurosida ishlash maqsadida psixologiyani o‘rganishga kirishdim. O‘qishni Qo‘shma Shtatlardagi universitetda boshladim va keyin Kanadaga ko‘chib, u yerda davom ettirdim.

Universitetda odamlar va umuman jamiyatdan ko‘nglim qoldi. Go‘yoki odamlar faqat o‘zini o‘ylardi, dunyodagi barcha narsa mazmunsizday va insoniyat muammolarining yechimi yo‘qday ko‘rinardi. Odamlar dunyodagi ahvolni yaxshilay olishi borasidagi umidlarim puchga chiqdi.

Hayotda maqsadim bo‘lmagani uchun spirtli ichimliklarni va giyohvand moddalarini suiiste’mol qilish, pulning ortidan quvish va jinsiy axloqsizlik domiga tushib ketdim. Hayotim maishat bilan o‘tardi va bugun bitta ayol, ertasi kuni esa boshqa ayol bilan yashab yurardim. Harbiy ta’lim olganim tufayli o‘zimga ishonardim va tez-tez yoqalashib ketardim. Adolat borasida o‘z tushunchalarimga ega edim va kimdir boshqasiga nohaq muomala qilinganini ko‘rsam, unga qarshi chiqishim mumkin, deb o‘ylardim. Aslida esa zo‘ravonlikning quliga aylanib bo‘lgandim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Bir kuni uyimning yer to‘lasida do‘stim bilan giyohvand moddalarining kayfi ta’sirida edik va marixuanani sotish uchun kema orqali noqonuniy tarzda jo‘natishga tayyorlayotgandik. O‘sha do‘stim Xudoga ishonish-ishonmasligimni so‘radi. Men: «Dunyodagi azob-uqubatlarda Xudo aybdor bo‘lsa, U haqida bilishni istamayman», deb javob berdim. Ertasi kuni yangi ishimda Yahovaning Shohidi bo‘lgan hamkasbim menga: «Nima deb o‘ylaysiz, dunyodagi azob-uqubatlarda Xudo aybdormi?» degan savol berdi. Uning savoli meni hayron qoldirdi va qiziqtirib qo‘ydi. Keyingi olti oy davomida ko‘p suhbatlashdik va u hayot borasidagi ayrim qiyin savollarimga Muqaddas Kitob asosida javob berdi.

O‘sha paytda yashab yurgan ma’shuqam bilib olayotganlarimni u bilan bo‘lishishimni istamas edi. Yakshanba kunlarining birida Yahovaning Shohidlari biz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishlari uchun ularni uyimizga taklif qilganimni aytdim. Ertasi kuni ishdan qaytsam, u bor-budimizni yig‘ib, uydan ketib qolgan ekan. Shunda tashqariga chiqib, yig‘ladim. Xudoga ibodat qilib, yordam so‘rab yolvordim. O‘shanda ibodatda birinchi martda Xudoning Yahova degan shaxsiy ismini qo‘lladim. (Zabur 83:18)

Ikki kun o‘tgach, Yahovaning Shohidi bo‘lgan bir juftlik men bilan tadqiq boshladi. Ular ketgach, tadqiq uchun mo‘ljallangan «Yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz» kitobini o‘qishda davom etdim va o‘sha kechayoq uni oxirigacha o‘qib chiqdim *. Tangri Yahova hamda Uning O‘g‘li Iso Masih haqida o‘qiganlarim qalbimga ta’sir qildi. Yahova mehr-shafqatli ekanini va azob chekkanimizda, bu Unga og‘riq keltirishini ko‘rdim. (Ishayo 63:9) Ayniqsa, Xudoning sevgisi va Uning O‘g‘li men uchun o‘zini qurbon qilgani qalbimga qattiq ta’sir qildi. (1 Yuhanno 4:10) Yahova menga nisbatan sabr qilganini tushundim, «sababi, U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butrus 3:9) Yahova meni O‘ziga jalb qilayotganini his etdim. (Yuhanno 6:44)

O‘sha haftadanoq yig‘ilishlarga qatnay boshladim. Sochlarim uzun, sirg‘alar taqqandim, ko‘rinishim ham qo‘rqinchli edi. Lekin Yahovaning Shohidlari meni anchadan beri ko‘rmagan qarindoshini qarshi olganday kutib oldi. Ularning xulq-atvori Xudoning chinakam xizmatchilarinikiday edi. O‘zimni go‘yoki buvam va buvimning uyida bo‘lib qolganday his etdim, ammo bu yer undan ham yaxshiroq edi.

Ko‘p o‘tmay Muqaddas Kitobdan bilib olayotganlarim hayotimni o‘zgartira boshladi. Sochimni kestirdim, barcha axloqsiz odatlarimni tashladim va giyohvand moddalari-yu spirtli ichimliklardan voz kechdim. (1 Korinfliklarga 6:9, 10; 11:14) Yahovani mamnun qilishni istardim. Shu sababli, U qaysidir ishimni ma’qullamasligini bilganimda, o‘zimni oqlash uchun bahona qidirmasdim. Aksincha, ko‘pincha yuragimga qilich sanchilganday bo‘lardi. O‘zimga o‘zim: «Boshqa bunday davom eta olmayman», deb aytardim. Hech ikkilanmay fikrlash tarzim va xulqimni o‘zgartirish uchun o‘z ustimda ishlardim. Natijada Yahova aytganiday yo‘l tutish foyda keltirishini darrov tushundim. 1989-yili 29-iyulda  tadqiq boshlaganimdan olti oy o‘tgach Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Muqaddas Kitob yordamida shaxsiyatimni o‘zgartirdim. Oldinlari zo‘ravon odamga duch kelsam, ko‘pincha o‘zim ham zo‘ravonlik qilardim. Biroq hozir «barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechirish» uchun jon kuydiraman. (Rimliklarga 12:18) Buni o‘z kuchim bilan qilmadim, aksincha, Yahova Kalomi va muqaddas ruhi orqali o‘zgarishimga ko‘maklashgani uchun Undan minnatdorman. (Galatiyaliklarga 5:22, 23; Ibroniylarga 4:12)

Endi giyohvand moddalari, zo‘ravonlik va axloqsiz xohish-istaklarning quli emasman. Aksincha, Tangri Yahovani mamnun qilish va Unga eng yaxshisini berish uchun astoydil harakat qilyapman. Bu boshqalarga Uni tanib-bilishga yordam berishni ham o‘z ichiga oladi. Suvga cho‘mganimdan bir necha yil o‘tgach, va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tdim. Yillar davomida ko‘plarga Xudo haqida o‘rgatishdan va ular ham Muqaddas Kitob yordamida hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirayotganini ko‘rishdan quvonch his qilib kelyapman. Qolaversa, onam ham Yahovaning Shohidi bo‘lganidan xursandman. Nuqtai nazarim va xulqim ijobiy tarafga o‘zgargani bunga qisman sabab bo‘ldi.

1999-yili Salvadorda hozir Shohlik xabarchilari maktabi deb ataladigan maktabda o‘qidim. Bu maktabda xushxabarni yoyishda yetakchilik qilish, jamoatda ta’lim berish va cho‘ponlik qilish uchun ta’lim oldim. O‘sha yili sal keyinroq aziz rafiqam Yevgeniya bilan oila qurdik. Ikkovimiz Gvatemalada to‘la vaqtli xizmatdamiz.

Hozir umidlarim puchga chiqmagan, aksincha, men chinakamiga baxtliman. Muqaddas Kitobda yozilganlarga amal qilish meni jinsiy axloqsizlik va zo‘ravonlik qulligidan ozod etdi. Endi hayotimda haqiqiy sevgi va tinchlik hukm surmoqda.

^ 9- x.b. Hozirda Yahovaning Shohidlari tadqiq uchun asosan «Muqaddas Kitob haqiqatlari» nomli adabiyotdan foydalanadi.