Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

Yahova Shohidlarining jamoatida ayol ruhoniylar bormi?

Yahova Shohidlarining jamoatida ayol ruhoniylar bormi?

Ha, dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining orasida bir necha million ayol xizmatchilar bor. Ular Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qiladigan ulkan olomonni tashkil etadi. Zabur 68:11 da bu ayollar haqida shunday bashorat qilingan: «Yahova amr etmoqda, xushxabarni e’lon qilayotgan ayollar ulkan qo‘shindir».

Lekin Yahova Shohidlarining orasidagi ayollarning xizmatini xristian olamidagi ayol ruhoniylarning xizmati bilan adashtirmaslik lozim. Ular o‘rtasida katta farq bor. Xo‘sh, bu farq nimada namoyon bo‘ladi?

Birinchi farq — ular kimga ta’lim berishida. Ayol ruhoniylar, ayniqsa xristian olamida, jamoat ichida yetakchi vazifani bajarishadi va ularni asosan cherkovga keladiganlar tinglaydi. Yahova Shohidlarining orasidagi ayollar esa jamoat tashqarisida, va’zgo‘ylik xizmatida uchragan odamlarga va’z qilishadi.

Yana bir farqi — ular qanday faoliyat bilan shug‘ullanishida. Xristian olamida va boshqa dinlarda ayollar cherkovga kelganlarga ruhoniy sifatida rahbarlik qilib, diniy aqidalarni o‘rgatishadi. Yahova Shohidlarining ayol xizmatchilari esa suvga cho‘mgan erkaklar huzurida ta’lim berishmaydi. Ularning jamoatida faqat tayinlangan erkaklar ta’lim beradi. (1 Timo‘tiyga 3:2; Yoqub 3:1)

Muqaddas Kitobga ko‘ra, jamoat ustidan nazorat qilish vazifasi faqat erkaklarga topshirilgan. Havoriy Pavlus boshqa nozir — Titusga maktub yo‘llaganida o‘rnatilgan tartibni qanday tushuntirganiga e’tibor bering: «Har bir shaharda oqsoqollarni tayinlashing uchun seni Kritda qoldirdim». U har bir mas’uliyatli erkak «benuqson, bir xotinli» bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. (Titusga 1:5, 6) Havoriy Pavlus Timo‘tiyga ham shunga o‘xshash ko‘rsatmalar bergan: «Kimki nozir bo‘lishga intilsa, u yaxshi ishni orzu qilgan bo‘ladi... Faqat nozir beayb, bir xotinli,.. ta’lim berishga qobiliyatli... bo‘lsin». (1 Timo‘tiyga 3:1, 2)

Nega jamoatda nozirlik vazifasi faqat erkaklarga topshirilgan? Havoriy Pavlus buni shunday tushuntirgan: «Ayollarga ta’lim berishga ham, erkaklar ustidan hukmronlik qilishga ham ruxsat etmayman, aksincha, ular sukutda bo‘lsinlar. Chunki avval Odamato, keyin Momohavo yaratilgan». (1 Timo‘tiyga 2:12, 13) Erkak bilan ayol qaysi tartibda yaratilganining o‘zi ham, Xudoning niyatiga ko‘ra, ta’lim berish va nozirlik qilish vazifasini kim olishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Yahovaning xizmatchilari ularning Rahbari — Iso Masih qoldirgan o‘rnakka amal qilishadi. Isoning shogirdi Luqo ustozining xizmati haqida shunday degan: «Iso shahar-u qishloqlar bo‘ylab Xudoning Shohligi haqida va’z qilib yurdi». Keyinroq u shogirdlariga ham o‘zi bajargan ishni topshirgan: «Ular yo‘lga chiqib, o‘sha hududdagi qishloqlar bo‘ylab har yerda xushxabarni va’z etishardi». (Luqo 8:1; 9:2–6)

Bugungi kunda Yahovaning xizmatchilari — ham erkaklar, ham ayollar — Isoning Matto 24:14 da yozilgan bashorati amalga oshishida faol ishtirok etishmoqda: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi».