Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Men qanchalik chidamli insonman?

Men qanchalik chidamli insonman?

 Siz qanchalik chidamli insonsiz? Quyidagi vaziyatlarga hech duch kelganmisiz?

  •   Yaqiningizning o‘limi.

  •   Surunkali kasallik.

  •   Tabiiy ofat.

 Tadqiqotchilarning aytishicha, chidamli bo‘lishni nafaqat katta muammolar talab qiladi. Hatto har kuni siz duch keladigan stresslar ham sog‘ligingizga ziyon keltirishi mumkin. Shuning uchun xoh kichik, xoh jiddiy muammoga duch kelmang, chidamli bo‘lishni o‘rganishingiz muhim.

 Chidamli bo‘lish nima degani?

 Chidamlilik hayotdagi o‘zgarishlarga moslashib, qiyinchiliklarni muvaffaqiyat ila yengishga yordam beradigan qobiliyatdir. Chidamli insonlar qiyinchilikka qarshi emlanmagan. Lekin ular salbiy ta’sirga qaramay, muammolarni yengib, avvalgidan ham kuchliroq bo‘la olishadi.

Bo‘ronda egilgan daraxt shamol tinganidan keyin o‘z holatiga qaytganiday, siz ham qiyinchilikdan keyin yana tiklana olasiz

 Nega chidamli bo‘lishingiz muhim?

  •   Hamma insonlar muammoga duch keladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Doim ham yutuq tez yugurganga,.. muvaffaqiyat esa bilimliga nasib etavermas ekan. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi». (Voiz 9:11) Bu so‘zlardan qanday saboq olishimiz mumkin? Hatto yaxshi insonlar ham birovlarning xatosini deb azob chekishadi.

  •   Chidamli bo‘lish sizni himoyalaydi. O‘rta maktabda ishlaydigan bir mutaxassis shunday dedi: «Hozir har qachongidan ham ko‘proq o‘quvchilar test topshirolmaganidan yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari haqda yomon sharhlar o‘qiganidan juda tushkun va his-tuyg‘ularini nazorat qila olmaydigan ahvolda xonamga kirib kelishadi». Uning aytishicha, bu muammolar bir qarashda oddiy bo‘lsa-da, ular bilan qanday kurashishni bilishmagani uchun o‘quvchilar «ko‘pgina aqliy va hissiy zo‘riqishlarga duch kelishadi» a.

  •  Chidamli bo‘lish sizga hozir ham, ulg‘ayganingizda ham yordam beradi. Hayotdagi qiyinchiliklar borasida Richard Lerner ismli bir psixolog quyidagi so‘zlarni yozgan: «Muvaffaqiyatli inson bo‘lib ulg‘ayishga hissa qo‘shadigan omillar qiyinchiliklarni yengib o‘tishni, yangi maqsadlar qo‘yishni yoki qo‘yilgan maqsadga erishishning boshqa yo‘llarini izlashni o‘z ichiga oladi» b.

 Qay yo‘sin chidamli bo‘lishni o‘rgana olasiz?

  •   Muammolarning jiddiylik darajasini aniqlang. Katta muammolar bilan kichkina muammolar o‘rtasidagi farqni ko‘rishga o‘rganing. Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Ahmoq darhol jahlini to‘kib sochadi, zakovatli esa haqoratga ahamiyat bermaydi». (Hikmatlar 12:16) Hamma muammolarni ham yurakka yaqin olish shart emas.

     «Maktabdagi bolalar arzimas muammoga duch kelganda ham pashshadan fil yasashardi. Keyin ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlarining tanqidiy sharhlarini o‘qishardi, bu esa olovga moy sepganday bo‘lardi. Chunki bu ularga muammolarining jiddiylik darajasini aniqlashga xalaqit berardi». (Joann)

  •   Boshqalardan o‘rganing. Hikmatlarda: «Temir temirni charxlaganiday, odam odamni o‘tkirlaydi»,— deyilgan. (Hikmatlar 27:17) Qiyinchiliklar bo‘ronidan o‘tgan insonlar bilan suhbatlashib, bebaho saboq olishingiz mumkin.

     «Boshqalar bilan suhbatlashayotib, ular ko‘pgina muammolarni boshdan kechirgan bo‘lishsa-da, ammo hozir hammasi joyida ekanidan xabar topasiz. Shuning uchun ular bilan gaplashib, muammolar bilan kurashish uchun nimalar qilishgani yoki qilishmagani haqida bilib oling». (Juliya)

  •   Sabr-toqatli bo‘ling. Muqaddas Kitobda: «Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi»,— deyilgan. (Hikmatlar 24:16) Qiyinchilikni boricha qabul qilishga vaqt kerak bo‘ladi. Shunday ekan, boshingizga og‘ir kunlar tushsa hayron qolmang. Eng asosiysi — yana oyoqqa turishingiz.

     «Qiyinchilikni yengib o‘tganingizdan keyin hech narsani ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Bu davomli jarayon va bunga vaqt kerak bo‘ladi. Shuni bilib oldimki, vaqt o‘tganidan so‘ng o‘zingizni yana yaxshi his qila boshlaysiz». (Andrea)

  •   Minnatdorlikni rivojlantiring. Kalomda: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar»,— deyilgan. (Kolosaliklarga 3:15) Siz duch kelgan muammo qanchalik jiddiy bo‘lmasin, har doim minnatdor bo‘lishga sabab topa olasiz. Hayotingizni yashashga arzigulik qiladigan uchta narsa haqida o‘ylang.

     «Qiyinchilikka duch kelganingizda “Nega men bilan bunday bo‘ldi?” deb o‘ylashingiz tabiiy. Chidamli bo‘lishning muhim tomoni muammoingiz haqida haddan ortiq o‘ylamasdan, ijobiy bo‘lish va siz ega bo‘lgan yoki qo‘lingizdan keladigan narsa uchun minnatdor bo‘lishdadir». (Samanta)

  •   Qanoatli bo‘ling. Havoriy Pavlus: «Men har qanday sharoitlarda qanoat hosil qilishga o‘rganganman»,— deb aytgan. (Filippiliklarga 4:11) Pavlus boshiga tushgan qiyinchiliklarni nazorat qila olmagan. Ammo ularga nisbatan munosabatini nazorat qila olgan. Pavlus qanoatli bo‘lib qolishga qat’iy qaror qilgan.

     «O‘zim haqda shuni bilib oldimki, qiyinchilikka duch kelganimda o‘sha zahoti to‘g‘ri munosabat bildirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun har qanday vaziyatga nisbatan ijobiy munosabatni rivojlantirishga maqsad qo‘ydim. Bu nafaqat menga, balki atrofimdagi insonlarga ham foyda keltiradi». (Metyu)

  •   Ibodat qiling. Muqaddas Kitobda: «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi. Odil kishining yiqilishiga U aslo yo‘l qo‘ymaydi»,— deb yozilgan. (Zabur 55:22) Ibodat shunchaki ruhiy holatga foyda keltiradigan usul emas. Bu sizga «g‘amxo‘rlik qilayotgan» Yaratuvchingiz bilan jonli muloqotdir. (1 Butrus 5:7)

     «Men bir o‘zim kurashmayman. Muammolarim haqida ochiqchasiga ibodat qilib, berayotgan barakalari uchun Xudoga minnatdorlik bildiraman. Yahova menga berayotgan barakalarga diqqatimni qaratib, salbiy tuyg‘ulardan ozod bo‘laman. Ha, ibodat qilish juda muhim!» (Karlos)

a Tomas Kerstingning «Dissonnested» nomli kitobidan olingan.

b «The Good Teen—Ressuing Adolessense From the Myths of the Storm and Stress Years» nomli kitobdan olingan.