Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qay yo‘sin pulni to‘g‘ri sarflay olaman?

Qay yo‘sin pulni to‘g‘ri sarflay olaman?

 «Yaqinda shunchaki aylanay, deb bir do‘konga kirgandim. Keyin qimmat bir narsa bilan qaytib chiqdim. Boshida uni xarid qilish niyatim yo‘q edi». (Kolin)

 Kolinning aytishicha, pulni qanday sarflashni nazorat qilish u uchun muammo. Sizda ham shundaymi? Agar shunday bo‘lsa, bu maqola sizga yordam bera oladi.

 Nima uchun pulni qanday sarflashni nazorat qilish kerak?

 Noto‘g‘ri fikr: pulni qanday sarflash haqida tashvishlanish erkinligingizni cheklab qo‘yadi.

 To‘g‘ri fikr: sarf-xarajatlaringizni nazorat qilish sizni cheklamaydi, aksincha ko‘proq erkinlik beradi. «Pul haqida ko‘proq bilsangiz, hozir va kelajakda biron nima xarid qilish uchun ko‘proq pulingiz bo‘ladi»,— deb aytilgan bir kitobda. («I’m Broke! The Money Handbook»)

 O‘ylab ko‘ring: sarf-xarajatlaringizni nazorat qilib quyidagilarga erishasiz:

  •   Kerak bo‘lganida ko‘proq pulingiz bo‘ladi. «Bir kun kelib Janubiy Amerikaga sayohat qilmoqchiman. Pul yiqqanimda, buni yodda tutishga harakat qilaman»,— dedi 19 yoshli Enez.

  •   Kamroq qarz olasiz (yoki umuman qarzingiz bo‘lmaydi). Muqaddas Kitobda: «Qarzdor qarz beruvchiga qul bo‘ladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 22:7) 25 yoshli Anna shunday dedi: «Qarz hayotingizni boshqaradi. Qarzingiz bo‘lmasa esa, diqqatingizni maqsadlaringizga qarata olasiz».

  •   Yetuk inson ekaningizni ko‘rsatasiz. Sarf-xarajatlarini nazorat qila oladigan odamlar katta hayotga yaxshi tayyorlangan bo‘ladi. «Mustaqil hayotga tayyorlanish yaxshi. Pulga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishni o‘rganmoqchiman. Natijada keyin ham shunday bo‘la olaman»,— deb aytdi yoshi 20da bo‘lgan Jin.

 Xulosa: bir kitobda quyidagi fikr keltirilgan: «Sarf-xarajatlaringizni nazorat qilishni o‘rganish mustaqil hayotga qo‘yadigan ilk qadamingizdir. Puldan to‘g‘ri foydalanish ajoyib qobiliyat bo‘lib, butun umr asqatadi». («The Somplete Guide to Personal Finanse: For Teenagers and Sollege Students»)

 Buni qanday qilsa bo‘ladi?

 Zaif tomonlaringizni biling. Pulingiz doim tugab qolayotgan bo‘lsa, ularni qayerga sarflayotganingiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Ba’zilar uchun onlayn do‘konlar katta tuzoq. Yana boshqalar uchun pulni muntazam ravishda kichik miqdorda sarflab, oy oxirida bir tiyinsiz qolish muammo.

 «Har kuni oz-ozdan sarflasangiz, pul tugab qoladi. Bir-ikkita kichik sovg‘alar, qahva, do‘konda chegirmalar paytida u yo buni sotib olish va qarabsizki, 100 dollar ketdi, keyin pulim qayerga ketdi, deb bosh qotirib o‘tiraman!» (Xale)

 Byudjet tuzing. Muqaddas Kitobda: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi»,— deyilgan. (Hikmatlar 21:5) Reja tuzib, chiqimingiz kirimingizdan oshib ketmayotganiga ishonch hosil qila olasiz.

 «Chiqimingiz kirimingizdan oshib ketsa, pulni qayerga sarflayotganingiz haqida o‘ylab ko‘ring va keraksiz sarf-xarajatlarni qisqartiring. Kirimingiz chiqimingizdan oshmaguncha xarajatlaringizni kamaytiring». (Daniella)

 Amal qiling. Tuzoqqa tushmay keraksiz narsani xarid qilmaslik uchun bir nechta qadam qo‘ya olasiz. Ba’zi yoshlar quyidagilarga amal qilib, muvaffaqiyatga erishdi:

  •  «Odatda pulimni bankka qo‘yaman, chunki shunda vasvasaga kamroq tushaman». (Deyvid)

  •  «Do‘konga borganimda muayyan miqdorda pul olaman. Shunda reja qilganimdan ko‘p ishlatmayman». (Ellen)

  •  «Biron nimani sotib olish borasida qancha ko‘p o‘ylasam, unga muhtoj emasligimni shuncha ko‘p tushunaman». (Jesiya)

  •  «Hamma o‘tirishlarga borishim shart emas. Imkonim bo‘lmasa, yo‘q deyish kifoya». (Jennifer)

 Xulosa. Pulni to‘g‘ri sarflash jiddiy mas’uliyat. Yuqorida tilga olingan Kolin buni tushundi. «Bir kun kelib oila boshi bo‘laman. Demak, pulni havoga sovurmasligim kerak. Hozirdanoq pulni to‘g‘ri sarflay olmasam, oilali bo‘lganimda, nima bo‘ladi?!» — deb aytdi Kolin.

Maslahat. «Byudjetingizni qanday tuzganingizni kim bilandir bo‘lishing va undan tekshirib turishini iltimos qiling. Hisob-kitobli bo‘lish asqatadi!» (Vanessa)