Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitobda abort haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitobda abort haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda sun’iy yo‘l bilan pushtni (embrionni) tushirish ma’nosiga ega bo‘lgan «abort» so‘zi ishlatilmaydi. Lekin Muqaddas Kitobning ko‘pgina oyatlarida Xudo insonning, jumladan, tug‘ilmagan bolaning hayotiga qanday nuqtai nazarda ekani aytib o‘tilgan.

 Hayot Allohning hadyasi. (Ibtido 9:6; Zabur 36:9) U har bir hayotni, jumladan, ona bachadonidagi bolaning hayotini ham o‘ta qadrlaydi. Shuning uchun, kimdir bila turib hatto dunyoga kelmagan bolani o‘ldirsa, bu qotillik bilan barobar.

 Tavrotda isroilliklarga qarata shunday yozilgan edi: «Erkaklar mushtlashayotib homilador ayolni urib yuborishsa va u muddatidan oldin tug‘ib qo‘ysa-yu, lekin bola ham, ona ham omon qolsa, aybdor kishi shu ayolning eri talab qilgan tovonni to‘lashi va buni hakamlar orqali berishi lozim. Ammo ulardan biri o‘lsa, jon evaziga jon». (Chiqish 21:22, 23) a

 Insonning hayoti qachon boshlanadi?

 Xudoning nazarida inson hayoti tuxum hujayra urug‘lanishi bilan boshlangan bo‘ladi. Xudo O‘z Kalomida tug‘ilmagan bolani bir necha marta mavjud shaxs deb aytgan. Tug‘ilgan va ona bachadonidagi bola o‘rtasida Xudo uchun hech qanday farq yo‘qligini ko‘rsatuvchi bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik.

  •   Ilohiy ilhom ostida shoh Dovud Xudoga shunday degan: «Hali pusht shaklida bo‘lganimda ko‘zlaring meni ko‘rgan». (Zabur 139:16) Xudo Dovud hali dunyoga kelmasidan oldin uni shaxs deb bilgan.

  •   Yeremiyo payg‘ambar tug‘ilmasidan avval Alloh u uchun o‘zgacha bir vazifani ko‘zlab qo‘ygan edi. Xudo unga quyidagilarni aytgan: «Onang qornida senga shakl berishimdan oldin seni bilgan edim, tug‘ilishingdan avval seni muqaddas qilgan edim. Xalqlarga seni payg‘ambar etib tayinlagan edim». (Yeremiyo 1:5)

  •   Muqaddas Kitob yozuvchisi Luqo ismli shifokor ham tug‘ilmagan, ham tug‘ilgan bolaga nisbatan o‘sha-o‘sha yunoncha so‘zni qo‘llagan. (Luqo 1:41; 2:12, 16)

 Xudo abort qilgan insonni kechiradimi?

 O‘tmishda abort qilgan insonni Xudo kechiradi. Agar hozir u hayotga nisbatan Allohning nuqtai nazarini tan olayotgan bo‘lsa, hadeb o‘zini qiynab yurmasligi kerak. «Yahova shafqatli va rahmdil. [...] Sharq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa, qilmishlarimizni bizdan shu qadar uzoqlashtiradi» b. (Zabur 103:8–12) O‘tmishdagi gunohlaridan, jumladan, abort qilganidan chin yurakdan tavba qilayotgan barchani Yahova kechiradi. (Zabur 86:5)

 Agar onaning yoki bolaning hayoti xavf ostida bo‘lsa, abort qilish mumkinmi?

 Muqaddas Kitobda tug‘ilmagan bolaning hayoti haqida aytilganlarni inobatga oladigan bo‘lsak, ona yoki bolaning sog‘ligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sababga ko‘ra qilingan abortni oqlab bo‘lmaydi.

 Lekin ayol tug‘ayotgan paytda kamdan-kam uchraydigan favquloddagi vaziyatda onaning yoki bolaning hayotini saqlab qolishni tanlash kerak bo‘lsa-chi? Bu vaziyatda kimning hayotini saqlab qolish qarorini bunga mas’ul bo‘lgan kishi qabul qiladi.

a Ba’zi tarjimalardan, ushbu qonunning mohiyati asosan pushtning emas, onaning hayotiga tegishli degan xulosaga kelish mumkin. Ammo asl ibroniycha matnda «ulardan biri o‘lsa» degan so‘zlar ham onaning, ham bolaning hayoti uzilishiga ishora qiladi.

b Muqaddas Kitobda Xudoning «Yahova» degan ismi borligi haqida aytilgan. (Zabur 86:5)